Tafakkur monopoliyasi: siyosiy ongsiz jamiyat kimga kerak?
(Chor Rossiyasi va sovet senzurasiga oid tarixiy hujjatlar tahlili)

SIYOSIY ONG UCHUN KURASH: JADIDLAR TAJRIBASIDAN RAQAMLI DAVRGACHA
Tarix shuni ko‘rsatadiki, aholining siyosiy savodxonligi va mustaqil fikrlashi kuchaygan sari jamiyatda jamoatchilik nazorati, mas’uliyat va islohotlarga talab ortadi. Aksincha, axborotni bir tomonlama nazorat qilish yoki tanqidiy fikrlash imkoniyatlarini cheklash turli davrlarda siyosiy nazoratni mustahkamlash vositasi sifatida qo‘llangan.

Siyosiy ong nima?
Jamiyat taraqqiyotining muhim shartlaridan biri fuqarolarning siyosiy ongi va siyosiy madaniyatining yuksak darajada shakllanganidir. Insonning davlat, hokimiyat, qonun, erkinlik, huquq va burch haqidagi bilimlari, ularga bo‘lgan munosabati hamda siyosiy jarayonlarda ongli ishtirok etish qobiliyati siyosiy ong tushunchasining asosini tashkil etadi. Demak, siyosiy ong shaxsning va shunday shaxslar birikuvidagi jamiyatning siyosiy voqelikni anglashi, baholashi va unga nisbatan mustaqil munosabat bildirishi qobiliyati hisoblanadi.
Siyosiy ong faqat siyosiy institutlar haqida ma’lumotga ega bo‘lish bilan cheklanib qolmasdan voqea-hodisalarni tanqidiy tahlil qilish, turli axborot manbalarini qiyoslash, xalqaro darajadagi bitimlarlardan tortib, davlat qarorlarining mazmun-mohiyatini anglash, jamoatchilik manfaatlarini himoya qilish hamda fuqarolik mas’uliyatini his qilish kabi muhim fazilatlarni ham qamrab oladi. Shu ma’noda siyosiy ong demokratik jamiyatning ma’naviy tayanchlaridan biri hisoblanadi.
Siyosiy ongning shakllanishi uzluksiz ijtimoiy jarayondir. U, avvalo, oilada boshlanadi, ta’lim tizimida mustahkamlanadi, ommaviy axborot vositalari, ilmiy va badiiy adabiyotlar, jamoat tashkilotlari, madaniy muhit hamda raqamli axborot platformalari orqali takomillashib boradi. Ayniqsa, erkin va xolis axborot muhiti hamda mustaqil jurnalistika fuqarolarda voqelikka nisbatan tanqidiy munosabat shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Chor va mustamlaka ma’muriyatlarining axborot monopoliyasi xalqning mustaqil fikrlashi hamda ijtimoiy faolligiga to‘siq bo‘lgan. Bunga javoban Turkiston jadidlari siyosiy ong va fuqarolik mas’uliyatini oshirishning yagona yo‘li sifatida ma’rifat, erkin matbuot va tanqidiy tafakkurni ilgari surdilar. Siyosiy ong va axborot erkinligi uchun kurash esa har qanday davrda o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydigan uzluksiz jarayondir.

Siyosiy ongsizlashtirish deganda nimani tushunamiz?

Siyosiy ongsizlashtirish jamiyat a’zolarining siyosiy jarayonlarni mustaqil anglash, tahlil qilish va baholash qobiliyatining turli omillar ta’sirida susayishi yoki atayin cheklanishi bilan bog‘liq ijtimoiy hodisadir. Bunday holatda fuqarolar davlat boshqaruvi, huquq va erkinliklar, jamoatchilik nazorati hamda ijtimoiy mas’uliyat masalalariga nisbatan befarqlikka moyil bo‘lib qolishi mumkin.

XIX asrning ikkinchi yarmida Turkiston chor Rossiyasi tomonidan bosib olingach, bu hududlar mustamlakachilar uchun xom-ashyo bazasiga aylantirildi. Ruslashtirish siyosati boshlandi.  Mahalliy xalqqa nisbatan zulm kuchaydi. Oqibatda 1898-yilda Farg‘ona vodiysi, xususan, Andijonda Dukchi eshon (Muhammadali Sobir o‘g‘li) boshchiligida qo‘zg‘olon ko‘tarildi.

Siyosiy ongsizlashtirish har doim ham oshkora va to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshirilmaydi. Moziy tajribalari shuni ko‘rsatadiki, u turli shakllarda namoyon bo‘lishi mumkin: ta’lim imkoniyatlarining cheklanishi, axborot oqimining bir yoqlama tashkil etilishi, senzura, propaganda, muqobil fikrlarning cheklanishi, tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarining yetarlicha rivojlantirilmasligi yoki aholining muhim ijtimoiy-siyosiy masalalardan chalg‘itilishi shular jumlasidandir. Bu omillarning har biri jamiyatning siyosiy madaniyati va fuqarolik faolligiga turlicha ta’sir ko‘rsatadi.

Shunda mahalliy tilda yakkayu yagona bo‘lgan, Turkiston general gubernatorligining nashri “Turkiston viloyatining gazeti”da hisobot chop etiladi. Unda jumladan shunday deyiladi:

1898-yilgi “Turkiston viloyatining gazetasi”

1989-yilgi "Turkiston viloyatining gazetasi"dan

1989-yilgi "Turkiston viloyatining gazetasi"dan

Ko‘chirma Turkistondagi Dukchi eshon qo‘zg‘oloni munosabati bilan chop etilgan rasmiy nashrlar uslubining yorqin namunasidir. Unda voqealarni xolis tahlil qilish emas, balki mustamlaka ma’muriyati nuqtayi nazarini aholi ongiga singdirish maqsadi ustuvor ekanligi yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Xabar va hujjatning siyosiy-kommunikativ tahlili:

I Qism

Matndagi emotsional bo‘yoqdor so‘zlar orqali voqelikka yo‘naltirilgan munosabatni shakllantirish usuli.

II Qism

Tub ijtimoiy-siyosiy muammolarni yashirish uchun voqea sababini birgina shaxsga bog‘lash mexanizmi.

III Qism

Mustamlaka boshqaruvini «adolatli», qo‘zg‘olonni esa «jaholat» deb ko‘rsatib, hokimiyat legitimligini mustahkamlash.

IV Qism

Muqobil fikrlar va mahalliy aholi e’tirozlarini cheklash orqali axborot makonini monopolashtirish.

Siyosiy ijtimoiylashuv nazariyasi nuqtayi nazaridan qaralganda, bunday maqolalar aholining tanqidiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga emas, balki mustamlakachi hokimiyat belgilab bergan yagona siyosiy talqinni qabul qilishga yo‘naltirilgan. Shu ma’noda mustamlaka matbuoti faqat axborot tarqatuvchi emas, balki fuqarolarning siyosiy qarashlari va xulq-atvorini shakllantiruvchi mafkuraviy institut vazifasini ham bajargan.

Bizda jadidizmning birinchi davri panislomizm bayrog‘i ostida yurdi, Bora-bora panislomizm, panturkizm, o‘zbek millatchiligi bir-biridan ayrim xatti-harakatlar tarzida ajraladi. Men bularning uchini ham o‘tkanman...

Jadidchilik - yangicha harakat!

Ko‘pchilik olimlar jadidchilik insonlar ongini oshirishda alohida siyosiy harakat emas, balki milliy taraqqiyotning asosiy sharti sifatida baholaydilar. Biz esa bu fikr biryoqlama degan xulosadamiz. Negaki, jadid so‘zi sovet davri olimlari va ular orqali xorij tadqiqotchilari tomonidan biryoqlama qabul qilingan. Bu atama usuli jadid, ya’ni faqat ta’limdagi yangicha usul sifatida qo‘llanilgan. Holbuki, jadidchilik ijtimoiy-siyosiy  harakat ekanligini taniqli o‘zbek olimi, professor B.Qosimov o‘z ishlarida har tomonlama isbotladi.

XX asr boshlari, milliy uyg‘onish va jadidchilik harakati vakillari

XX asr boshlari, milliy uyg‘onish va jadidchilik harakati vakillari

Shundan keyin u qaysi harakatga nisbatan yangi degan savol paydo bo‘ldi va bu savolga ham javob berildi. Javobning qisqacha mazmuni shundaki, bu harakat “qadimchi”larga yoki eski ta’lim tizimiga emas, balki Sharqda mustamlakachilarga qarshi kurashga bel bog‘lagan islomchilik yoki turkchilikka harakatlariga nisbatan yangicha harakatdir. Bu fikrimizni Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Ta’rix va jug‘rofiya» maqolasidagi asosiy g‘oyani keltirish bilan kifoyalanamiz - Sharq davlatlarining Yevropa mustamlakasida qolishining asosiy sabablari ilm-fanda ortda qolish, aniq fanlardan voz kechish, dunyo taraqqiyotini kufr deb qabul qilish, rivojlanmaslik natijasidadir.

"...Bizda jadidizmning birinchi davri panislomizm bayrog‘i ostida yurdi... Bora-bora panislomizm, panturkizm, o‘zbek millatchiligi bir-biridan ayrim xatti-harakatlar tarzida ajraladi. Men bularning uchini ham o‘tkanman..."
Abdurauf Fitrat, «Aruz haqida» risolasidan
Fitratning ushbu fikri ham jadidchilik panislomizm va panturkizmga nisbatan o‘zgacha harakat bo‘lganligini anglatadi.
Abdurauf Fitrat, «Aruz haqida» risolasidan

Turkiston hukumati ta’sis etsak...

Jadidchilik mustamlakachilikka qarshi kurashda islomchilik va turkchilik kabi harakatlardan farqli o‘laroq, milliy-ozodlikka erishishning yangicha yo‘lini tanladi. Islom yoki turk bayrog‘i ostida birlashish murakkabligini inobatga olib, Fitrat ularni “bir-biridan ayrim xatti-harakatlar tarzida ajraladi”, deb ta’riflaydi.

Bundan tashqari, 1917-yilda podshoh taxtdan ag‘darilgach, Behbudiy parlamentarizm g‘oyasini ilgari surib, shunday degan edi: «Biz istaymizki, Turkiston musulmonlari bundagi rusiy, yahudiy va boshqalar qo‘shilgan holda, o‘z boshlarig‘a... Turkiston hukumati ta’sis etsak, o‘zimizni majlisi mushovaratimiz «parlamentarizm» bo‘lsun».

Musulmon maktabidagi dars jarayonida

Musulmon maktabidagi dars jarayonida

Demak, jadidchilikni faqat ta’lim islohoti yoki ma’rifiy oqim sifatida baholash uning tarixiy mohiyatini to‘liq ochib bermaydi. U Turkiston jamiyatida yangi siyosiy madaniyat va fuqarolik ongini shakllantirishga qaratilgan milliy modernizatsiya harakati edi. Jadidlar xalqni ilm-ma’rifat, milliy matbuot, erkin fikr va zamonaviy ta’lim orqali o‘z taqdirini anglay oladigan fuqarolarga aylantirishga intildilar.

Ular ozodlikning asosiy sharti xalqning siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va tanqidiy fikrlashini rivojlantirish ekanini anglaganlar. Shu bois jadidchilikning asosiy maqsadi avvalo hokimiyat uchun emas, inson ongi uchun kurash edi.

Jadidlar harakatni nega maktabdan boshladilar?

Gazeta va jurnallarni o‘qish, dunyo siyosatidan boxabar bo‘lish, huquqiy madaniyatni tarbiyalash uchun avvalo ularni tafakkur bilan mutolaa qiladigan avlodni tarbiyalash muhim edi. XX asrning dastlabki yilidan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ashurali Zohiriy kabi jadid ziyolilari millatning orqada qolish sabablarini tahlil qilar ekanlar, uning asosiy omillaridan biri xalqning zamonaviy bilim, dunyoviy ilmdan uzoqlashib qolganida, deb hisobladilar. Fikr bildirish barobarida o‘z mablag‘lari hisobidan dastlabki jadid maktablarini ocha boshladilar.

Musulmon maktablaridagi dars jarayonidan

Musulmon maktablaridagi dars jarayonidan

Jadidlar bir haqiqatni chuqur anglagan edilar: savodli, mustaqil va tahliliy fikrlaydigan inson ongini mutlaq nazorat qilib bo‘lmaydi. Shu bois, ular yangi usul maktablari orqali bolalarga nafaqat o‘qish-yozishni, balki milliy o‘zlik, vatanparvarlik va fuqarolik mas’uliyatini singdirishga intildilar. Bu maktablarda geografiya, tarix, tabiatshunoslik va arifmetika kabi dunyoviy fanlarning o‘qitilishi ham aynan o‘quvchilar dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qilardi.

"Jug‘rofiya degan so‘z yunon lug‘ati arabiyg‘a ta’rif arzi ma’nosig‘a, ya’ni yer va tufroqni bayon qilaturg‘on ilmni(ng) otidur. Jug‘rofiya ilmini necha naf’ foyda va bayonlari bo‘ladur"
M. Behbudiyning "Muntahabi jug‘rofiyai umumiy" darsligidan

Mahmudxo‘ja Behbudiy hurlik uchun kurash yo‘lidagi harakatni nega aynan maktabdan boshladi? U ozodlikka erishishdan avval yurtni mustaqil boshqara oladigan, milliy qadriyatlarini asragan holda rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqadigan avlodni tarbiyalash zarurligini anglab yetdi. Bu yo‘lda u o‘z davrining barcha ta’sirchan vositalaridan imkon doirasida foydalandi.

Mahmudxo‘ja Behbudiyning tarixga oid darsliklaridan, Qadimgi O‘rxun, Kufiy, Uyg‘ur va Suryoniy yozuvlari solishtirma jadvali

Mahmudxo‘ja Behbudiyning tarixga oid darsliklaridan, Qadimgi O‘rxun, Kufiy, Uyg‘ur va Suryoniy yozuvlari solishtirma jadvali

"Muntahabi jug‘rofiyai umumiy va namunai jug‘rofiya" darsligida eski maktablarda mutlaqo o‘qitilmagan, faqat jadid maktablarida tatbiq etilgan, Behbudiy va safdoshlarining kofir deb e’lon qilinishiga sabab bo‘lgan mazkur fan aholi, ayniqsa, yoshlar ongida katta o‘zgarishlar yasadi.

Darslikning avvalida atamaga sharh berilgan: “Jug‘rofiya degan so‘z yunon lug‘ati arabiyg‘a ta’rif arzi ma’nosig‘a, ya’ni yer va tufroqni bayon qilaturg‘on ilmni(ng) otidur. Jug‘rofiya ilmini necha naf’ foyda va bayonlari bo‘ladur”, deya bu fanning siyosiy, tarixiy zaruratini batafsil ko‘rsatib beradi.

DARSLIKLAR VA ULARNING TASNIFLANISHI:

Jadidlarning yangi maktab va darsliklar orqali ta’limni isloh qilish yo‘lidagi qadamlari

Jadidlarning yangi maktab va darsliklar orqali ta’limni isloh qilish yo‘lidagi qadamlari

Behbudiy va “Turkiston donishmandlari”: tarixni anglash va milliy xotirani tiklash

Behbudiy va “Turkiston donishmandlari”: tarixni anglash va milliy xotirani tiklash

Ibn Sino va Forobiyning ilmiy merosi

Ibn Sino va Forobiyning ilmiy merosi

Jadid maktablari — bilimdan siyosiy va ijtimoiy ong sari

Jadid maktablari — bilimdan siyosiy va ijtimoiy ong sari

Madaniyat ziyosiga eltuvchi yo‘lni ochishning eng samarali vositasi matbuotdir.

G‘azeta bir oftob(quyosh)g‘a o‘xsharki...

Jadidchilik harakatining yana bir bosqichi bu matbuotdir. Xuddi shu masalani qo‘zg‘olonga tanqidiy munosabatini bildirgan va xalq orasida ma’rifatni rivojlantirishni maqsad qilgan jadidchilik harakati misolida ko‘rib chiqamiz. Jadidchilik harakatining yo‘lboshchilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy rus jurnalistiga G.Andreyevga bergan intervyusida shular haqida gapirar ekan deydi:

“Madaniyat ziyosiga eltuvchi yo‘lni ochishning eng samarali vositasi matbuotdir”.  
Mahmudxo‘ja Behbudiy
"G‘azeta bir oftob(quyosh)g‘a o‘xsharki, har qorong‘ulikni yoruqlatur, har xomni pishirur, har mazasiz mevalarg‘a maza berur" deydi va maqsadini oshkor qiladi: “G‘azeta har millatning tarjimonidurki, bilmag‘on narsalarini anga bildirur va ham ul millatning muddaosini boshqalarg‘a bildirur”.
Ashurali Zohiriy

«Qizil O‘zbekiston» gazetasi sahifasi. Eski o‘zbek (arab) yozuvi, 1928-yil 23-aprel

«Qizil O‘zbekiston» gazetasi sahifasi. Eski o‘zbek (arab) yozuvi, 1928-yil 23-aprel

Ular yaxshi tushunardilarki, ta’lim yosh avlodni tarbiyalasa, matbuot butun jamiyat tafakkuriga ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun «Taraqqiy», «Xurshid», «Shuhrat», «Samarqand», «Oyna», «Sadoi Turkiston», «Turon» kabi milliy nashrlar orqali xalqni jahonda kechayotgan siyosiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlar bilan tanishtirishga kirishdilar. Gazeta va jurnallar jamiyat muammolarini muhokama qilish, islohot g‘oyalarini tarqatish va jamoatchilik fikrini shakllantirish maydoniga aylandi.

Davriy nashrlar namunalari, 1920-yillarning oxirida chop etilgan «Ma’muriyat» jurnali sonlari

Davriy nashrlar namunalari, 1920-yillarning oxirida chop etilgan «Ma’muriyat» jurnali sonlari

Jadidlar uchun matbuot oddiy axborot vositasi emas...

Jadidlar uchun matbuot oddiy axborot vositasi emas, balki ma’rifat va siyosiy tarbiya instituti edi. Ular xalqni tayyor xulosalarni qabul qilishga emas, balki savol berishga, mushohada qilishga va o‘z fikrini shakllantirishga chaqirdilar. Ayniqsa, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon va boshqa safdoshlarning publitsistik maqolalari, ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy asarlari,  risolalari shu maqsadga qaratilgan edi. Ularning fikricha, millatning kelajagi qurol bilan emas, avvalo, bilim va tafakkur bilan hal etiladi.

Mahmudxoʻja Behbudiyning «Padarkush» dramasi zamonaviy talqinda. Maʼrifatsizlik va jaholat foajasi bugungi sahna nigohida

Jadidlar teatr san’atini ham ijtimoiy ongni uyg‘otish vositasi sifatida baholadilar. Behbudiyning «Padarkush» dramasi, Qodiriy, Hoji Muin, Avloniyning sahna asarlari va jadid teatrlari orqali jamiyatdagi illatlar tanqid qilindi, ilm-fan, adolat va mas’uliyat g‘oyalari targ‘ib etildi. Demak, maktab, matbuot va teatr jadidlar faoliyatida bir-birini to‘ldiruvchi yagona ma’rifiy tizimni tashkil etgan.

Jadidlarning eng katta xizmatlaridan biri xalqni siyosiy kuchlar atrofida emas, balki bilim, milliy taraqqiyot, qonun ustuvorligi va fuqarolik faolligi atrofida birlashtirish bo‘lgan. Shu bois jadidchilik nafaqat ma’rifiy, balki fuqarolik jamiyati poydevorini qo‘ygan tarixiy maktabdir. Har qanday mustamlakachilik tuzumi uchun mustaqil fikrlaydigan va o‘z haq-huquqini anglaydigan fuqarolar xavf tug‘dirar edi. Shu sababli maktablarning cheklanishi, matbuotdagi senzura va ziyolilarning ta’qib qilinishi ushbu qarama-qarshilikning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Siyosiy ijtimoiylashuv nima?

Siyosiy ijtimoiylashuv — bu shaxsning jamiyatdagi siyosiy qadriyatlar, me’yorlar, bilimlar, fuqarolik burchlari va siyosiy xulq-atvorni o‘zlashtirish jarayonidir. Boshqacha aytganda, inson fuqaro bo‘lib tug‘ilmaydi, balki hayoti davomida siyosiy bilim, tajriba va qadriyatlarni o‘zlashtirib, ongli fuqaroga aylanadi. Nazariyaning asosiy g‘oyasi juda oddiy, ammo chuqur fikrga tayanadi: insonning siyosiy qarashlari ta’lim-tarbiya, axborot muhiti va ijtimoiy tajriba orqali shakllanadi. Ya’ni, odamning davlatga munosabati, qonunga hurmati, saylovda qatnashishi, siyosiy qarorlarni baholashi, huquqlarini himoya qilishi, Vatan taqdiriga daxldorlik hissi kabilar ijtimoiylashuv jarayoni mahsulidir.

Siyosiy ijtimoiylashuvning asosiy institutlari esa oila, maktab, oliy ta’lim, matbuot, adabiyot va san’at, jamoat tashkilotlaridan iborat.

Endi shu nuqtayi nazardan jadidlar amalga oshirgan ishlarga e’tibor qaratamiz. Dastlab oilalar bilan ishladilar, maktab ochdilar, gazeta chiqardilar, jurnal nashr qildilar,  sahna asarlari yozib, teatr tashkil qildilar, darslik yozdilar, kitoblar tarjima qildilar, munozaralar o‘tkazdilar, chor imperatori qulagach siyosiy partiyalar tuzdilar. Bular siyosiy ijtimoiylashuv nazariyasida qayd etilgan deyarli barcha asosiy institutlarning o‘sha davrdagi amaliy ko‘rinishi edi.

Jadidlar “siyosatshunoslik” atamasini ishlatmagan bo‘lsalar-da, amalda millatning siyosiy-ijtimoiylashuv tizimini shakllantira boshlagan edilar. Ular maktab, matbuot, teatr va kitob orqali shaxsni nafaqat savodli, balki siyosiy voqelikni anglaydigan, tanqidiy fikrlaydigan va fuqarolik mas’uliyatini his qiladigan inson sifatida tarbiyalashga intildilar. Shu jihatdan jadidchilikni faqat ma’rifatparvarlik emas, balki Turkistonda siyosiy ijtimoiylashuvning milliy modelini shakllantirishga qaratilgan ilk tizimli harakat sifatida baholash mumkin.

Shu sababli jadidlar faoliyati xufyalar nazorati va matbuot senzurasiga olingan. Jumladan, 1914-yil 19-avgustda Turkiston harbiy okrugi shtab boshlig‘i “Oyna” jurnalida Rossiya manfaatlariga zid maqolalar paydo bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirib, Samarqanddagi mahalliy matbuotni nazorat qilishni shtabskapitan Atayevga topshiradi. Jurnal korrekturasi uchun chiqarilgan ottiskni bosmadan ikki kun oldin yuborish majburiyati esa “Oyina” muharriri zimmasiga yuklatiladi.

Topshiriq ijrosi doirasida Behbudiy harbiy okrugga chaqirtirilib, “o‘ta maxfiy xat” ostiga “O‘qidim va ma’lumot uchun qabul qildim”, deya imzo chektiriladi.

Behbudiyning parlament tuzish zarurati haqidagi fikriga Morozovchi sotsialistlar (bo‘lg‘usi bolsheviklar) qarshi chiqishadi. Bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelgach ko‘p o‘tmasdan jadidlar Turkiston muxtoriyatini e’lon qilishadi. 72 kun umr ko‘rgan muxtoriyat aynan bolsheviklar tomonidan tor-mor etiladi. Jadidlar tashkil etgan gazetalar yopiladi.

Turkiston hududida qolgan jadidlar rahbarlik lavozimlaridan chetlatiladi: “1918-yil “Ittifoq” jamiyati Mahmudxo‘jani Musulmon maorif sho‘basiga mudir tayin qildi. Lekin u vaqtdagi tor millatchi ruslar bul ishga istehzo bilan javob berdilar... Nochor Mahmudxo‘ja iste’fo berdi”.

Aslida bolsheviklar hokimiyatni 1917-yil 25-26-oktyabr (7-8-noyabr) kunlari qo‘lga kiritgan bo‘lsalar, Xalq Komissarlari Kengashi Raisi Vladimir Ulyanov-Lenin 27-oktyabr (9-noyabr), ya’ni harbiy to‘ntarishdan bir kun o‘tgach “Matbuot haqida”gi dekretni imzolab, muxolifatdagi barcha nashrlarni yopishga buyruq berdi.

1917-yilda Qo‘qonda e’lon qilingan Turkiston muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlagan barcha nashrlar, jumladan, “Hurriyat”, “Najot”, “Ulug‘ Turkiston”, “El bayrog‘i” kabi gazetalar, «Al-Izoh», «Al-Isloh» singari jurnallar Xalq Komissarlari Kengashi tomonidan yopildi.

Eng kuchli qurol nima?

"Burjuaziyaning eng qudratli qurollaridan biri burjua matbuoti ekanligini har qanday kishi biladi. Ayniqsa, yangi hokimiyat, ishchi va dehqon hokimiyati endi mustahkamlanayotgan tig‘iz bir daqiqalarda bomba va pulemyotlardan ham xavfli bo‘lgan bu qurolni butunlay dushman qo‘lida qoldirish mumkin emas"
Lenin

Sovetlar hukumati 1920-yildan tashviqot-targ‘ibot ishlarini kengaytirishga kirishdi. Turli madaniy ishlar, jumladan, matbuot masalasiga e’tibor berish zarurati hokimiyat tomonidan e’tirof etila boshlandi. Biroq shu yili o‘tkazilgan matbuot xodimlarining birinchi syezdiga atigi uch nafar musulmon taklif qilindi.

Bu voqealar V.Lenin o‘limidan keyin hokimiyat tepasiga kelgan I.Stalin o‘zining safdoshidan ham qattol siyosat boshlagan davrga to‘g‘ri keladi. Lenin davrida yuqorida ta’kidlangan milliy gazetalarimizda faoliyat ko‘rsatgan ziyolilarimiz nashrlar rahbarligidan olingan bo‘lsa-da, bolsheviklar tomonidan qayta nomlanib, yangidan ish boshlagan tahririyatlarda faoliyat ko‘rsatishga izn berilgandi. Biroq Stalin davrida ular qamoqqa olindi, jisman qatl etildi. Masalan, “Qizil O‘zbekiston” gazetasida berilgan “Abdulla Qodiriy “Julqunboy”ning jinoyat ishi” sarlavhali xabar fikrimizga dalildir.

“Mushtum” jurnalining mas’ul ishchisi bo‘lg‘on Abdulla Qodiriy O‘rta Osiyo davlat siyosiy idorasi tomonidan 1926-yil 8 nchi martda qamoqqa olindi. Abdulla Qodiriy Sho‘ro hukumatiga qarshi qalam tebratib, uning obro‘sini tushirish va Sho‘ro hukumatida ishchi-kambag‘al mehnatkashlar foydasi uchun ishlab turg‘on ziyolilarning Sho‘ro hukumatiga qarshi qilish maqsadi bilan “Mushtum” jurnalining 27 nchi sonida “Yig‘indi gaplar” sarlavhasi bilan yozg‘on bosh maqolasida O‘zbekiston ijtimoiy sho‘rolar jumhuriyatining markazi ijroqo‘m raisi o‘rtoq Oxunboboyev ham markaziy ijroqo‘m prezidium a’zosi o‘rtoq Ikromuflarni masxara va kulgi yo‘li bilan sababsiz va qonunsiz tanqid qilg‘on”, deya boshlanadi rasmiy axborot.

Lenin “Gazeta – nafaqat kollektiv targ‘ibotchi va kollektiv tashviqotchi, balki kollektiv tashkilotchi hamdir”, degan bo‘lsa, Stalin matbuotga navbatdagi vazifa yukladi:  “Partiya va Sovet hokimiyati qo‘lida kollektiv tashkilotchi sifatida gazeta mamlakatimiz mehnatkashlarini partiya va Sovet hokimiyati bilan aloqlarini bog‘lovchi hamda uning atrofida birlashtiruvchi vositadir – matbuotning navbatdagi vazifasi shu”.

1926–1940-yillarda bolsheviklar partiyasining OAVga ta’siri, ya’ni bosimi o‘sishi bilan tavsiflanadi. Matbuotning asosiy vazifasi mehnatkashlarni kommunistik ruhda tarbiyalash ekanligi amaldagi hukumat tomonidan OAV rahbarlariga singdirildi.

1938-yilga kelib senzura organlari partiya tasarrufiga o‘tadi va butun ittifoqdagi jami 8850 ta gazeta, 1762 jurnal, 74 radiostansiya, 1176 matbaa korxonasi, 70 000 kutubxonalar nazoratga olinadi. “Pravda”, “Izvestiya” kabi markaziy gazetalar boshqa nashrlarga siyosiy yo‘l ko‘rsatadigan mayoq vazifasini o‘taydi. O‘zbekistonda esa bu vazifa “Qizil O‘zbekiston” gazetasi tahririyati zimmasiga yuklanadi.

Ong uchun kurash: kecha va bugun

Tarix shundan dalolat beradiki, har qanday mustamlakachilik yoki avtoritar boshqaruv, avvalo, inson ongi uchun kurashadi. Chunki siyosiy jihatdan ongli, mustaqil fikrlaydigan, voqealarni tahlil qila oladigan jamiyatni uzoq vaqt bo‘ysundirib turish qiyin. Shuning uchun turli davrlarda ta’lim imkoniyatlarini cheklash, axborot oqimini bir tomonlama tashkil etish, matbuotni nazorat qilish, muqobil fikrlarni siqib chiqarish va jamoatchilik e’tiborini dolzarb masalalardan chalg‘itish siyosiy hukmronlikning muhim vositalariga aylangan.

Jadidlar ana shu haqiqatni bir asr avval anglab yetgan edilar. Ular xalqning ozodligi faqat qurol yoki siyosiy shiorlar bilan emas, balki ma’rifat, maktab, kitob va matbuot orqali shakllanadigan ong bilan ta’minlanishini yaxshi bilardilar. Shuning uchun ham ular yangi usul maktablarini ochdilar, darsliklar yozdilar, gazeta va jurnallar nashr etdilar, teatrni ma’rifat minbariga aylantirdilar. Ular uchun bularning barchasi yagona maqsad — millatning siyosiy va fuqarolik ongini yuksaltirishga xizmat qiluvchi uzviy tizim edi.

Bugun insoniyat raqamli sivilizatsiya bosqichiga qadam qo‘ygan bo‘lsa-da, ong uchun kurash to‘xtagani yo‘q. Endi bu kurash sun’iy intellekt, algoritmlar, ijtimoiy tarmoqlar va ulkan axborot oqimlari orqali davom etmoqda. Axborotga egalik qilish imkoniyati kengaygani sari uni saralash, tekshirish va tanqidiy baholash mas’uliyati ham ortmoqda. Shuning uchun mediasavodxonlik, tanqidiy fikrlash va fuqarolik mas’uliyati har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

JADIDLAR BOSHLAGAN KURASH — BUGUNGI RAQAMLI DAVRDA

Jadidlar merosi bizga yana bir muhim saboqni beradi: millatning kelajagi avvalo uning ongida quriladi. Maktabda shakllangan bilim, kitobdan olingan tafakkur, matbuot orqali qaror topgan fuqarolik pozitsiyasi va erkin fikrlash madaniyati har qanday jamiyatning haqiqiy mustaqilligi uchun ishonchli poydevordir. Shu ma’noda jadidlar boshlab bergan ma’rifat yo‘li — faqat tarixiy meros emas, balki bugungi va ertangi taraqqiyot uchun ham dolzarb hayotiy dasturdir.

Ijodiy guruh:

Multimediaviy loyiha kordinatori: Iroda Nasimova, filologoya fanlari bo’yicha falsafa doktori, PhD
Matn muallifi: Halim Saidov filologiya fanlari doktori, professor, Nilufar Namozova filologiya fanlari nomzodi
Multimedia dizayni: Azizabonu Jaloliddinova, Nodira Sulaymon
Arxiv hujjatlari bilan ishlash va restavratsiya: Aziza Jaloliddinova, Nodira Sulaymon