Turkistonda ayol huquqlari ozodlik g‘oyasimi yoki siyosiy instrument?
Jurnalistik tadqiqot
Turkistonda ayol huquqlari ozodlik g‘oyasimi yoki siyosiy instrument?
Materialni o‘qish yanada samarali bo‘lishi uchun smartfonni gorizontal tuting.
Chor mustamlakachiligi davrida ayollar masalasi “madaniyatlashtirish” va ruslashtirish siyosatining vositasiga aylantirilgan bo‘lsa, sovet hokimiyati davrida u yangi tuzumni mustahkamlashning muhim instrumenti sifatida talqin qilindi. Ayniqsa, sovet davrida ayollarni “ozod qilish” siyosati ko‘pincha ularni an’anaviy oilaviy muhitdan ajratish, uy-ro‘zg‘or va farzand tarbiyasidan “ijtimoiylashtirish” nomi ostida uzoqlashtirish bilan birga kechdi.
Ma’lumki, Turkiston(O‘zbekiston)da matbuot chor Rossiyasi bosib olgandan keyin, Turkiston Rossiyaning bitta gubernasi deb belgilanib, general-gubernatorlik tashkil etilganidan keyin mustamlakachilar manfaatlarini ko‘zlab chiqarildi.
Ilk davriy nashrlar – “Turkestanskiye vedomosti”, “Turkiston viloyatining gazeti” (1870–1917) general-gubernator fon Kaufmanning ixtiyoridagi nashr bo‘lib, unda o‘lka hayotiga oid turli mavzular qatori xotin-qizlar huquqi va ularning jamiyatdagi o‘rniga bag‘ishlangan o‘nlab maqolalar chop etilgan.
Rossiya imperiyasi va keyinchalik bolsheviklar hukmronligi davrida ham Turkiston (O‘zbekiston) ayollariga nisbatan davlat siyosati mustamlakachilik mafkurasi va manfaatlaridan kelib chiqqan holda shakllantirildi.
Matbuotda ham bu mavzuga xotin-qizlar manfaatlari emas, balki mavjud jamiyatning siyosiy-ijtimoiy manfaatlaridan kelib chiqib yondashildi. Rossiya imperiyasi avval boshdanoq Turkistonni butunlay zabt etish uchun ayollardan unumli foydalanishni ko‘zda tutgan. Taniqli rus akademi Bartold asarlaridan birida “Turkiston aholisi ichida rus ma’muriyatining eng ishonchli tayanchi savdogarlar, dehqonlar va ayollardir", deydi.
Imperiya generali Korolkov Rossiya imperatoriga maktubida o‘lka xotin-qizlari va bolalarini ruscha hayot tarziga o‘rgatish haqida yozarkan, “Turkiston o‘lkasida oliy missiya o‘tkazishga chaqirilgan rus xalqining shifokor ayollari o‘zbek xotin-qizlarining erksiz, nursiz va huquqsiz turmush tarziga o‘zga tushunchalar olib kiradi va boshqacha intilishlar uyg‘otadi”, deydi.
“Tuzemkaning, – deb yozadi general, – nasroniy ayol bilan bir joyda yashashi, u bilan doimiy va yaqin aloqasi hayot tarzini rus ayollarinikidek yaxshilash fikrini asta-sekin uyg‘otadi, nasroniy tasavvurlarni singdirib boradi va bu hol farzandlarini tarbiyalash jarayoniga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Bunday ayolning o‘g‘il-qizlari musulmon bo‘lmaganlarga nisbatan murosasiz va dushman bo‘lmaydi”.
Ushbu maqsadni amalga oshirishi uchun Korolkov o‘lkada xotin-qizlar ambulatoriyalarini ko‘paytirishni taklif qiladi. Shuningdek, Turkiston xotin-qizlariga “pravoslav rus qarashlarini singdirish uchun” Rossiyadagi ayollar monastirlarini xizmatga jalb etish zaruratini ham ta’kidlab o‘tadi. Shu sababdanmi, Turkistonda ochilgan ambulatoriyalar haqida aksariyat muharrirlari harbiylardan iborat bo‘lgan “Туркестанские ведомости” gazetasida muntazam hisobotlar berib borilgan. Ular ko‘pincha gazetaning 2-3 sahifasini egallagan.
Hisobotni ambulatoriya mudirasi yozib, ayollar va bolalarning kasalxonaga murojaati, ular o‘rtasida keng tarqalgan kasalliklarning sabablari, bemorlarning milliy tarkibini ko‘rsatib borgan.
Masalan, Toshkent shahar ayollar va bolalar ambulatoriyasi mudirasi A.V.Poslavskayaning hisobotida qayd etilishicha, 1885-yili ambulatoriyaga 1 749 nafar ayol murojaat kilib, ular kasalxonaga 3 812 marotaba qatnagan. Bemorlarning milliy tarkibi quyidagicha bo‘lgan: o‘zbeklar va tojiklar 1 674 nafar bo‘lib, umumiy murojaatchilarning 95,5%ini, qozoqlar 49 nafar (taxminan 2,9%), tatarlar 18 nafar 1,02 %), yahudiylar –8 nafar (0,4%)ni tashkil etgan.
Bunday hisobotlar koloniya ma’muriyatining mahalliy aholi sog‘ligi haqidagi qayg‘urishidan emas, balki rus hukumatiga ishonchi, munosabatini aniqlashdan iborat edi. Aslida ambulatoriyalar faoliyati orqali rus “madaniy ta’siri”ni ayollar qatlamiga chuqur va tizimli ravishda kiritish mexanizmi ishga solingan edi. Bu esa keyinchalik xotin-qizlar masalasi borasidagi siyosiy tashabbuslar va mafkuraviy ishlarning asosiy poydevorlaridan biriga aylandi.
Chor hukumatining nashrlarida chiqqan maqolalarda ayollar mavzusida rus va mahalliy xalq vakillarining qarashlari bir-biridan farq qilishini kuzatish mumkin. Rus mualliflar tomonidan yozilgan maqolalarning ayrimlarida xotin-qizlar huquqsizligi qayd etilsa, ayrimlarida bunga qarshi fikrlar berilgan. Jumladan, P.Mayevning 1875-yildagi maqolasida O‘rta Osiyo ayollari bir qarashda huquqlari toptalgan, hech kim ular bilan hisoblashmaydigan bo‘lib ko‘rinsa-da, chuqurroq tahlil qilinsa, aslida unday emasligi, Qur’onda ham ayollarning hak-huquqlariga alohida e’tibor berilgani, ularga qul sifatida qaralmagani, ajrashish, merosdagi huquqlari cheklanmagani, xatto nikohsiz tug‘ilgan bolalarning ham merosiy huquqlari borligi ta’kidlangan.
“Turkiston viloyatining gazeti”da chop etilgan bir qancha maqolalarda esa xotin-qizlar huquqsizligi ularni erta, majburlab turmushga berish misoli orqali ko‘rsatilgan. Jumladan, “Nablyudatel” mustaor imzosi bilan chop etilgan “Musulmon ayollarining ahvoli” sarlavhali maqolada musulmon ayoli savdo-sotiq predmetiga aylantirilgani yozilgan.
Boshqa bir maqolada esa 10-12 yashar qizlarni erga berish va, umuman, qiz bolalarni ixtiyorlariga qaramasdan, majburlab, otasidan ham qariroq kishilarga uzatish qoralanadi. Bu zo‘ravonliklarga chiday olmagan qizlar boshqa yul topa olmasdan ba’zi hollarda o‘z jonlariga suiqasd qilishga majbur bo‘lishayotgani afsusli hol ekani yoziladi.
Musulmon mualliflar tomonidan yozilgan maqolalarning aksariyatida xotin-qizlar masalalari go‘yo islom dini asoslariga suyangandek ko‘rsatilib, aslida, ayollar huquqlarining cheklanishi to‘g‘riligini isbotlashga uriniladi. Bunda jadid ziyolilariga qarshi pozisiya oshkora bayon etilgan. Jumladan, gazetaning 1909-yili 20-sentyabr sonida chiqqan “Xotinlar erkaklar bilan barobar emas” sarlavhali maqolada “O‘tgan vaqtda bizning gazetimizda bir necha marotaba yozilgan ediki, zaifalar erkaklar bilan barobar emas deb.
Shunga qaramay, taraqqiyparvarlar zaifalarning huquqlarini erkaklar ila har moddada barobar bilmoqg‘a taraddud qiladilar”, deyiladi. Maqolada “...xotunlarg‘a ham ilm va tarbiyat kerak, ammo har xil erkaklarga munosib ishlar va huquqlarni ta’limi xotunlarg‘a loyiq munosib emas” deb xulosa chiqariladi. Mazkur maqola o‘sha davr matbuotidagi jadidlar va konservativ ulamolar o‘rtasidagi bahsning bir ko‘rinishi hisoblanadi.
Xotinlar erkaklar bilan barobar emas
Musulmon mualliflar tomonidan yozilgan maqolalarning aksariyatida ayollar masalalari go‘yo islom dini asoslariga suyangandek ko‘rsatilib, aslida esa ayollar huquqlarini cheklangan holda talqin qilishga uriniladi. Bunda jadid ziyolilariga qarshi pozitsiya oshkora bayon etilgan.
1909-yil, 20-sentabr
"O‘tgan vaqtda bizning gazetamizda bir necha marotaba yozilgan ediki, zaifalar erkaklar bilan barobar emas deb. Shunga qaramay, taraqqiyparvarlar zaifalarning huquqlarini erkaklar ila har moddada barobar bilmoqqa taraddud qiladilar".
Xotunlarg‘a ham ilm va tarbiyat kerak, ammo har xil erkaklarga munosib ishlar va huquqlarni ta’limi xotunlarg‘a loyiq munosib emas” deb xulosa chiqariladi. Mazkur maqola o‘sha davr matbuotidagi jadidlar va konservativ ulamolar o‘rtasidagi bahsning bir ko‘rinishi hisoblanadi.
Jadidlar ham ayollar mavzusiga alohida e’tibor berishgan. Ular Turkiston ayollarining ilm va huquqda cheklangan hayotiga jamiyatning taraqqiyotiga to‘sqinlik qiluvchi omil sifatida qaragan.
Abdurauf Fitrat ayollarning turmushi haqida
Mamlakatimizdagi xotinlar har daqiqada qanchadan-qancha tahqir va jafolarga duchor bo‘lib yashamoqda. Biz turkistonliklar o‘z xotinlarimizni odamiyat doirasidan tashqarida deb o‘ylaymiz va u bechoralarga odamga qilgandek muomala qilmaymiz. Xotinlarimizni marhamatga sazovor, insofga loyiq va shafqatga haqli deb bilmaymiz. Bizda xotinlarni so‘kish faxr va g‘urur sanaladi, urib mayib qilishni esa erkakchilikning fazilati deb bilamiz.
Go‘yo, Alloh ularga huquq, e’tibor va fikrlash fazilatini bermagandek. Hatto bechora xotinlarimiz baxt va saodatlaridan batamom noumid bo‘lib, shunday xulosalarga kelganlarki, Alloh odamzotning hamma fazilatlarini erkaklarga berib, ayollarni ularning jabru zulmlariga asir va giriftor qilgan".
Ma’rifatparvar ziyolilar ayollarning ta’lim olishi, ijtimoiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish va uqubatli urf-odatlardan xalos etishni islohotlarning muhim qismi deb bildilar. Gazeta va jurnallardagi o‘nlab maqola, risola, dramalarda xotinlarning jamiyatdagi huquqsizligi, majburiy nikoh, ko‘pxotinlilik, ayollar ta’limi masalalari yoritildi.
BAHSLAR DAVOM ETADI
Ko'pxotinlilik masalasi
Ko‘pxotinlilik masalasi jadidlar tomonidan ko‘p marta ko‘tarilgan mavzulardan biri edi. Ma’rifatparvar jadid ziyolisi Hoji Muin xotiralaridan birida shunday yozadi:
“Men 1916-yillarda “Mazluma xotun” ismli risolamni yozib turdig‘im vaqtda birdan ziyoda xotun olish to‘g‘risinda fikrini bilmak uchun Behbudiy afandining qoshig‘a bordim va ondan shul haqda fikrini so‘radim. Bexbudiy afandi javoban shu so‘zlarni so‘ylagan edi: “Men birdan ortiq xotun olishga butun muqobilman. Zotan, ikkinchi xotun olish uchun qo‘yilg‘on shart (adolat)ni hech kim rioya qila olmaydi. Shuning uchun agar men mujtahid bo‘lsa edim, birdan ziyoda xotun olishning nodurustligi to‘g‘risinda fatvo bergan bo‘lur edim”.
Jadidlar ayollarning erkaklar bilan teng huquqli bo‘lishi, majburiy, erta nikohning oldini olish va xotin-qizlar ta’limi masalalariga alohida e’tibor qaratishadi. Ular millatning madaniy va ma’naviy jihatdan ruslashib ketishi xavfidan jiddiy tashvish chekadi. Jadidlar ayollarning oila va jamiyatdagi o‘rnini belgilash, ularning teng huquqliligini ta’minlash va ma’rifatli avlod tarbiyasidagi mas’uliyatini anglatish orqali millatning ma’naviy yuksalishiga erishmoqchi bo‘lishgan.
1917-yil fevraldan keyin jadidlarning ayollar borasidagi harakatlari siyosiy yo‘nalishga ko‘chadi. Bungacha ayollarning ta’lim olishi, ularning erk va huquqlarini anglashlari haqida qayg‘urgan bo‘lsalar, endi saylov huquqini berish uchun kurash boshlanadi. Bu yo‘lda “qadimchilar” bilan to‘qnashuv yuzaga keladi.
1917-yili Muvaqqat hukumat ayollarga saylash huquqini bergach, masala yana-da chuqurlashadi. Turkiston konservatorlari ayollarning saylash huquqiga qat’iy qarshi chiqishdi. Jadidlar bu qarshilikni g‘irt ahmoqlik deb hisoblardi, chunki millatning yarmini saylovlardan chetlashtirish yevropaliklarga qo‘l kelib, milliy kuchlarning ularga nisbatan zaiflashishiga olib kelardi. O‘sha payt juda yosh bo‘lgan Abdulhay Tojiyevning qizlar uchun maktablar ochish kerakligi haqidagi maqolasida ulamolarning ayollarni “noqisot ul-aql”, ya’ni zaif aql egalari deb hisoblashi tanqid qilingan.
1917-yil 20-avgustda Marg‘ilon shahrida mahalliy “Sho‘royi Islom” tashkiloti faollari yig‘ilishi federalistlar firqasi shoʻbasi tuzish munosabati bilan qabul qilingan qarorining 4-bandida quyidagicha yozilgan: “Millatning yigirma yoshga yetub aqliyat paydo qilg‘on har bir farzandi: er bo‘lsun, xotun bo‘lsun, – sinf, din va mazhab ayirmasiga boqmasdan saylamak va saylanmak haqiqatga moyildir".
Biroq taraqqiyparvarlarning bunday qarorlari ulamo tomonidan qabul qilinmadi, aksincha, ulamo bilan jadidlar o‘rtasidagi mafkuraviy ixtilofni yanada chuqurlashtirdi. Bu masala, ayniqsa, saylov jarayonlarida yanada keskinlashdi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy ham maqolalarida bu masalani ko‘tarib chiqdi. “Markaziy sho‘romizda” sarlavhali maqolasida “Ruslarning shuncha mahkama va idoralari bo‘lub turub, yana xalk tarafidan barpo bo‘lgan na qadar erkak va ayol jamiyatlari bordur va har jamiyatning o‘ziga teyishli aqchalari bo‘lub, kecha-kunduz ishlamoqdadur. Biz turkistonlilarning birgina “Shuroyi islom” jamiyatimiz bo‘lsa-da, har shaharda qadim va jadid nizoi ila mashg‘ul bo‘lub, diniy, moliy va siyosiy ishlarimiz eski holda qolmoqdadur.
Toshkandda 48 ming nafar rus ayol va erlar va yana askarlar saylovga kirib, alar muqobilig‘a 44 ming er va 39 ming ayol musulmon bor ekan. Agarda bu fikri va sulhi jihodg‘a, ya’ni saylovg‘a musulmon ayollari qo‘shulmasalar, albatta, ruslar g‘alaba etarlar. Toshkandning ulamo majlislariga uch daf’a bul to‘g‘rida arz etdim, ammo man bor muddatda hanuz ayollarni faranji ila va alayhida ayol ko‘missarlari huzurig‘a erkaklarg‘a qo‘shulmasdan hozir bo‘lmoqlarig‘a ulamo hazrati bir qarorg‘a kelganlari yo‘q edi, shu qadar deyardilarki: agarda saylovda musulmonlarning ruslarg‘a mag‘lub bo‘lishlari sobit bo‘laturgan bo‘lsa, ayollarning huzuri kerakdur.
Ruslar saylovni yaqin muddatda boshlamoqchi va ortuqcha muhlat bermasliklari va ulamo javobini kechukturganlari uchun markaziy sho‘romizdagi ziyoli musulmonlar ulamog‘a:
“Bir kecha-kunduzgacha ayollarning faranji ila shariat bo‘yuncha masturalik holatda va erkaklardan ayrim suratda saylovga qo‘shulish va yo qo‘shulmasliqlari haqinda qat’iy javob bermoqg‘a va alarning beraturgan javoblari rus va musulmon taba’otig‘a yozilib va ayollar saylamay, ruslarg‘a musulmonlar yana mag‘lub bo‘lganlari holda Xudo va bandalari qoshinda mas’uliyat Markaziy sho‘rodagi ziyolilardan ko‘tarilishi...” deb rasmiy bir qog‘oz (ultimatum) berdilarki, javobi hanuz olingan yo‘q edi. Markaziy sho‘roning ahvoli tangdur”.
Ko‘rinadiki, ayollarga saylov huquqining berilishi xalq o‘rtasida uzoq davom etgan tortishuvlarga sabab bo‘lgan.
Shuncha harakat va urinishlarga qaramay, ayollar masalasi 1917-yildagi muhim siyosiy saylovlar davrida millatning birlashishiga emas, aksincha, ikki lagerga ajralib ketishiga sabab bo‘ldi. Islom davlati tuzish g‘oyasini olg‘a surgan Ulamo Jamiyati mamlakat taqdiri hal bo‘layotgan bir vaziyatda ham xotin-qizlarning huquqiy maqomini oshirish, ularni siyosiy jarayonlarga jalb etish masalasiga qarshi turdi. Ixtilofning chuqurlashib borishidan tashvishlangan Behbudiy bu vaziyatni juda og‘ir qabul qiladi va shunday yozadi:
“Xalqimizning hozirgi ixtilofi meni dilxun etar, ma’yus etar. Shuni-da yozamanki, ba’zi bir masalalar borki, al-on bizga andin bahs etmoq mumkin yo‘q. Masalan, xotunlar masalasini hozir o‘rtadan chiqarmok lozim. Mana bul butun Turkiston ixtilofiga sabab bo‘lub, do‘stlarimiz bag‘rini qon, dushmanlarni xursand etar..."
Natijada, millat birligini saqlab qolish maqsadida ayollarning saylov huquqi vaqtinchalik orqaga surildi. Jadidlar xotin-qizlar maqomini huquqiy jihatdan mustahkamlashga bu tarixiy bosqichda erisha olmadilar.
Bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelgach, qisqa muddat ichida jadidlar orzusidagi huquqiy islohotlarga erishdi. Erkaklar bilan ayollarning oilaviy hayotdagi tengligi borasidagi fuqarolik nikohi qonuniylashtirilib, 1917-yil dekabrda “Fuqarolik nikohi to‘g‘risida” va “Nikohni bekor qilish to‘g‘risida”gi ikkita dekret qabul qilindi. Unga ko‘ra ajralish to‘g‘risidagi masalalarni hal etishda er bilan xotinning huquqlari tenglashtirildi.
Chor hukumati xalqning ko‘tarilishidan qo‘rqib Turkiston xotin-qizlaridan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga yetarlicha jazm qila olmagan bo‘lsa, bolsheviklar bu masalaga ko‘z yumadi. Ular yangi tuzumni o‘rnatishda xotin-qizlarni o‘z tarafdorlariga aylantirish uchun katta amaliy ishlarni rejalashtirdi va amalga oshirdi.
Sovet Rossiyasi 1918-yilda ijtimoiy hayotning barcha sohalarida erkaklar va ayollarning yuridik teng huquqliligini e’lon qilib, ushbu moddani o‘z Konstitutsiyasiga kiritgach, barcha sovet Respublikalari, shu jumladan, Turkiston Avtonom Respublikasi Konstitutsiyasiga ham shunday modda kiritildi (1918-yil, oktabr). Mazkur birinchi sovet Konstitutsiyasida xotin-qizlarga erkaklar bilan baravar davlat lavozimlariga saylash va saylanish huquqi berildi.
1919-yili sentyabrda VKP(b) Markaziy Qo‘mitasida xotin-qizlar bilan ishlash, ularni mamlakatning siyosiy-iqtisodiy hayotiga jalb etish bo‘yicha maxsus bo‘lim tashkil etildi. Tez orada 1919-yil 12-noyabrda RKP(b)ning Turkiston o‘lka qo‘mitasida xotin-qizlar bo‘limi, dekabrda partiyaning Toshkent shahar qo‘mitasida xotin-qizlar bo‘limi, 1920-yil mart oyidan boshlab esa xotin-qizlar bo‘limi qoshida xotin-qizlar bilan ishlash shoʻbalari tashkil etildi. 1921-yilda RKP(b)ning Turkiston O‘lka qo‘mitasida xotin-qizlar bo‘limi Turkiston KP MQ xotin-qizlar bo‘limiga aylantirildi. Sovetlar Sharq xotin-qizlari turmushining iqtisodiy, madaniy, maishiy shart-sharoitlaridagi o‘ziga xos xususiyatlardan kelib chiqib, xotin-qizlar bo‘limlari faoliyatini quyidagi uchta yo‘nalishda olib bordi:
1) xotin-qizlarni tegishli artellar, kasaba uyushmalariga jalb etish orqali ularni iqtisodiy jihatdan ozod qilishni ta’minlash;
2) maktablar, klublar va boshqa madaniy-ma’rifiy muassasalarni tashkil etish;
3) xotin-qizlarni targ‘ibot-tashviqot orqali “sosialistik qurilish” amaliyotiga jalb etishning barcha formalari bilan keng qamrab olish asosida siyosiy jihatdan tarbiyalash.
Matbuot ham bu masalani baralla ko‘tardi. Jumladan bir maqolada: “Xotin-qizlarning ommaviy suratda jamoat ishlariga arlashishlari sutsializm tuzulishini yaqinlashdiradir. Lenin deydirki, “bolshevizmda va Rusiya o‘ktabr inqilobida boshlicha asos sarmoyadorlar qo‘lida ko‘brak zulm ko‘rganlarni siyosatga jalb etishdir”.
Xotin qizlarni siyosatga jalb etmay turib ommani jalb etib bo‘lmaydir. Chunki xotin qizlar kapitalizm davrida mazlum bo‘lg‘onlar”, deyiladi.
Maqola muallifi xotin-qizlarni sho‘ro va ijroqo‘mlarga jalb etishdan tashqari ularni profsoyuz, qo‘shchi, yoshlar safiga, ularni moddiy ta’minlash uchun ipakchilik sanoati, artel, kapiratiflarga jalb etish, xotin-qizlar klublari ishini yaxshilash masalalarini ko‘taradi.
Sho‘ro hukumatining “Sharq ayollarini ozodlikka chiqarish” dasturida ayollarning “keng huquqlari” ichida nafaqat paranji tashlash, o‘zi istagan odamga turmushga chiqish singari erkinliklar bor edi, balki “turmushning qora zindonlaridan” qutqarish shiori ostida ularni farzand tarbiyasi, uy ishlaridan “yulib olib”, aldovdan iborat bo‘lgan “mafkuraviy frontda”, shuningdek, yangi barpo etilgan davlatning ishchi kuchiga bo‘lgan cheksiz ehtiyojlarini to‘ldirishda foydalanish maqsadi yilma-yil kuchayib bordi.
Faol ayol o‘qituvchilarning tayyorlov kursi ochilib, keyinchalik, 1919 yili Xotin-qizlar bilim yurtiga aylantiriladi. 1920 yillar davomida ushbu bilim yurti bitiruvchilari muallimlikni boshlab, jamiyat hayotiga matbuot orqali faol kirib borishdi. Ba’zilari hatto paranjisiz teatr sahnalarida ko‘rinishdi. Bilim yurti qoshida qizlarning boshlang‘ich maktabi ham bo‘lgan, ayol talabalar Moskva va Germaniyaga o‘qishga yuborilgan.
Sho‘ro hukumatining “Sharq ayollarini ozodlikka chiqarish” dasturida ayollarning “keng huquqlari” ichida nafaqat paranji tashlash, o‘zi istagan odamga turmushga chiqish singari erkinliklar bor edi, balki “turmushning qora zindonlaridan” qutqarish shiori ostida ularni farzand tarbiyasi, uy ishlaridan “yulib olib”, aldovdan iborat bo‘lgan “mafkuraviy frontda”, shuningdek, yangi barpo etilgan davlatning ishchi kuchiga bo‘lgan cheksiz ehtiyojlarini to‘ldirishda foydalanish maqsadi yilma-yil kuchayib bordi.
Lekin bularni amalga oshirish ayollarning oila muhitidan byegonalashuvini talab etardi. Shuning uchun ham, 1921-yil 5-7 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan Sharq xotin-qizlari tashkilotchilarining birinchi majlisida “Ajralish erkinligi dekreti”, “Nikoh yoshi va qalin haqida dekret” ishlab chiqish kabi masalalar kun tartibidan o‘rin olgan. 1921-yil iyunda Turkiston ASSR Sovetlari Markaziy Ijroiya Komitetining balog‘atga yetmagan qizlarni erga berishni va ko‘p xotinlikni taqiqlash, qalinni bekor qilish to‘g‘risidagi dekreti qabul qilindi.
Nikoh yoshi shariatdagi 9 yosh o‘rniga 16 yosh qilib belgilandi. RSFSR Jinoyat Kodeksining 10-bobi “Oiladagi, maishiy turmushdagi eskilik sarqitlariga qarshi kurash haqida» bo‘lib, «qalin olinishi kelinni sotib olish”, deb belgilandi. Shuningdek, 1928-yil MIQ ning III sessiyasi O‘zbekiston SSR uchun nikoh haqida yangi qonun qabul qildi. Unga ko‘ra, nikohga kirish uchun o‘smir yigitlar yoshi 18, qizlarning yoshi 16 qilib belgilandi. Er-xotinning har ikkalasi ham ajralish masalasida teng huquqqa ega, deb belgilab qo‘yildi. “Qalin va ko‘pxotinlikka” qarshi kurash haftaliklari, hatto kunliklar belgilanib, maxsus tadbirlar amalga oshirildi.
Shuningdek, ular chiqargan qarorlarning birida: “Ajralish ishlari bir haftadan kechiktirmay ko‘rib chiqilsin”, degan band mavjud edi. Chunki sudlarga ajralish xususida juda ko‘plab arizalar kelib tushgandi. Natijada, oila va nikoh masalalarida olib borilgan siyosat minglab oilalarning buzilishiga, bolalarning ota-onalari o‘rtasida sarson-sargardon bo‘lishiga, ajralish holatlarining ommalashuviga, oilaning qadrsizlanib, ijtimoiy mavqeining yo‘qolishiga, ariza bergan ayollarning eri, otasi yoki aka-ukalari tomonidan jazolanishiga sabab bo‘ldi.
Chunki asrlar davomidagi an’anaviy turmush erkaklarning oiladagi imtiyozli o‘rnini ta’minlar edi. Shiddat bilan kirib kelgan sovetlarning oila va nikoh masalasidagi inqilobiy o‘zgarishlari, avvalo, erkaklarga qattiq ma’nan zarba bergan bo‘lsa, ayollarni tasavvursiz “porloq hayot” sari undadi. Bu esa, ayollarning haqiqiy baxti bo‘lgan oilasidan mahrum bo‘lishiga olib keldi.
O‘sha davr matbuotida bu mavzudagi maqolalar bot-bot ko‘zga tashlanadi. Jumladan “Bugun xalq qozilarida bo‘lg‘on shikoyatlarni tekshirib ko‘rsak, juda ko‘bi xotin qizlar masalasiga doir bo‘lib erlaridan ajralishni so‘rab bergan arizalaridir. Buning ham sababi yosh qizni kuchlab sotish va ko‘rsatmay turib istamagan kishisiga erga berishdir. Mana shuning uchun eng avval firqalik mas’ul ishchilarimiz va leninchi yoshlar uyushmasining a’zolari boshqalarg‘a o‘rnak bo‘lsin, qilg‘on qarorlari amalga oshsin uchun o‘zlariga qarashli xotin-qizlarni paranjidan qutqarishlari va paranjidan qutilg‘on xotin-qizlarni umumiy ishlarga tortish chorasini ko‘rishlari hamda qalin mol to‘g‘risidag‘i qaror va qonunlarni amalga o‘tkazishga tirishishlari lozim” deyiladi bir maqolada.
VKP(b) MKning ko‘rsatmasi bilan sharq ayollarini erkaklar bilan tenglashtirish siyosatini amalga oshirish uchun yevropalik ayollar jalb qilinadi. Markazdan kelgan tashviqotchilar esa ko‘proq tatar ayollari bilan ishlashadi. Chunki ular mahalliy xalq tili va urf-odatlarini yaxshi tushunishar, shu bilan birga, o‘zlari ham muslima bo‘lgani uchun mahalliy ayollar ulardan qochmas, muloqotdan tortinishmasdi.
Shu tariqa boshqa millat ayollari Turkiston oilalari hayotiga katta ta’sir o‘tkaza boshlaydi. Buni anglagan ziyolilardan biri “zamon o‘zgargan, erkaklar endi o‘qimishli ayollarga uylanishni xohlaydi; agar biz qizlarimizni o‘qitmasak, erkaklar rus ayollariga uylanib ketadi va milliy manfaatlarga putur yetadi”deb yozadi.
1930-yillarga kelib, ayollar sho‘ro ma’muriy tuzimining qurboniga aylandi. Hayotlarining har bir daqiqasi hukumat tomonidan boshqarib borildi. Natijada bir millatning asrlar davomida shakllangan ayollar borasidagi qadriyat, munosabatlari o‘zgardi. Milliy-diniy ta’sirlar natijasida shakllangan ayollar ongi ham yangilanib, “yangi ochilgan Gulsaraxon”lar dunyoqarashi va fe’l-atvorida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Sobitqadamlik, o‘ktamlik, jasorat bilan otilib chiqqan “tashabbuskor” ayollar guruhi shakllandi. Ularda “sosializm” g‘oyalari, sosialistik qurilishlar xalq manfaatlari, farzandlarimiz kelajagi uchun, degan to‘la ishonch paydo bo‘ldi. Ahvol shu darajaga yetdiki, (Namanganda) Qurbon hayiti kuni paranjisiz mozorga borib, u yerdagi ayollarga yangi qonun mohiyatini tushuntirildi. Mahalliy Jenotdel va Komsomol faollari mozorda, u yerda bo‘layotgan tilavotlarga qaramay, konsert uyushtirdi. Tadbirda qatnashgan 150 ayol “voyaga yetmagan qizlarni erga berishning salbiy oqibatlari” haqidagi sahna ko‘rinishini tomosha qildi, mozorda urf bo‘lgan odatlar (qabr toshlarini o‘pish kabi) gigiyenik tomondan zararli ekani, sifilis va sil kasalliklariga olib kelishi to‘g‘risida ma’ruza eshitadi.
Oqibatda, bunday o‘ylamay qilingan tadbirlar ko‘plab ayollarning umriga zomin bo‘ladi. Turkistonda bunday keskin tadbirlarni amalga oshirib bo‘lmaydi, asta-sekinlik bilan xalqni ko‘niktirish kerak, deb chiqqan o‘zbek ziyolilari qoralandi, ko‘p o‘tmay qatag‘on qilindi. Matbuotda qurbonlar haqida o‘nlab maqolalar yozildi.
“Ayollarni ochiqlikka chiqarish” ishlari davlat siyosatining boshqa yo‘nalishlari bilan uzviy bog‘lanib ketgan. Millatning taqdiriga daxldor masalalar ayollar o‘rtasida ham muhokamaga tashlanib, ulardan foydalanishga urinildi. Masalan, 1924 yili “Turkiston” gazetasida Ziyo Saidning xotin-qizlar masalasiga bag‘ishlangan maqolasi chop etilgan. Unda 25 avgust kuni Toshkent shahri “Xotin-qizlar klubi”da o‘tgan yig‘ilish haqida yoziladi. 250-300 ga yaqin xotin-qiz to‘plangan yig‘ilishda Rossiya Firqa qo‘mitasi kotibi Zelenskiy “Milliy chegaralanish” haqida ma’ruza qilib, kelajakdagi O‘zbekistonda sho‘ro, partiya idoralarida ishlovchilarning 50 foizi xotin-qizlar bo‘lishi lozimligini ta’kidlaydi.
Mahalliy mas’ullar Rahmatxon va Ziyo Said ham “milliy chegaralanish masalasida xotin-qizlarning tutg‘an mavqei” haqida nutq so‘zlaydi.
Xotin-qizlar bo‘limining mudirasi Gʻoyibjonova so‘zga chiqib, “Biz O‘rta Osiyoni milliy chegaralanish masalasi to‘g‘risida qiling‘on doqladni eshitib qancha suyunsak, Sharq, ayniqsa, O‘rta Osiyoda yashag‘on yerlik xotin-qizlarning barchasining masalaga bizning safimizda o‘ltirib ishtirok etmasliklari yuragimizni shuncha yaralaydir”, deydi.
Yig‘ilish yakunida milliy jumhuriyatlar tuzilishini qo‘llab-quvvatlovchi qarorlar qabul qilingani, xotin-qizlarni ozod qilish masalasi har bir milliy qurultoyning kun tartibiga kiritilishi talab qilingani shunday ifodalanadi:
“To‘plang‘on xotin-qizlar milliy chegaralanish masalasini atroflicha muhokama etkanlaridan keyin ushbu qarorni chiqardilar:
1. Milliy jumhuriyatlar tuzilishiga tabrik qilamiz.
2. Sho‘rolar hokimiyati barcha mehnatkashlar va mazlumlarning bir mudofaachisi va Sharq xotin-qizlarig‘a ozodliq beradirg‘on birdan-bir hokimiyatdir. Shuning uchun milliy jumhuriyatlar tuzilishining O‘rta Osiyo xalqlari o‘rtasida sho‘rolar hokimiyatini mustahkam qilish kerak.
3. Yangi tuziladirg‘on jumhuriyatlarning umumjumhuriyatlar ittifoqig‘a a’zo bo‘lib kirishlari lozim...
4. Yig‘ilish lozim topadirkim, har bir millatning birinchi qurultoylaridan boshlab xotin-qizlarlarni ozod qilish masalasi qo‘yilsun.
5. Majlis O‘rta Osiyoning barcha xotin-qizlarini chaqiradirkim, ular yangi tuziladirg‘on jumhuriyatlarning hukumat idoralariga saylovlarda yaqindan ishtirok qilsinlar!”
Matbuotda saylovlarda ayollarning ishtiroki haqidagi maqolalar ham berib borilgan. “Boy xotunlar uchun saylovg‘a yo‘l yo‘q” deb boshlanadigan “Sho‘ro saylovida xotunlar” maqolasidaBulung‘ur rayoni Jomboy qishlog‘ida faol xotunlar majlisi o‘tkazilgani yozilgan. Majlisda 60 nafar xotin-qiz ishtirok etadi. “Boy va mullalar xotunlarini majlisdan haydang” deyilgandan keyin qishloq sho‘rosida saylangan bir boy xotinning o‘rniga batrak xotin saylangani yoziladi”
Bularga qaramay, sovetlar dastlabki yillarda ayollar kuchidan keng foydalanish masalasiga ehtiyotkorlik bilan yondashgan, deyish mumkin. Lekin 20-yillarning oxiriga kelganda bu yondashuv keskin o‘zgarib, ayollarni erkaklar bilan har jabhada “tenglashtirish” siyosati ostida xotin-qizlar jamoatchilik, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi ishlarga tobora kengroq jalb etila boshlaydi. Bunga sabab 1925-yillarga kelib, sovetlar hukumatining moddiy-iqtisodiy bazasini mustahkamlash bosh masala qilib qo‘yiladi. Shu maqsadda 1925-yil 15-fevralda SSSR MIQning “Sovet Sharqi mehnatkash xotin-qizlarining huquqlari va ularni oilaviy-maishiy, iqtisodiy sohalardagi tazyiqlarning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurash haqida” murojaatnomasi e’lon qilindi. Respublika sharoitida xotin-qizlarga munosabat masalasidagi keskin burilish O‘zbekiston Kompartiyasining 1 syezdi (1925-yil, fevral) qabul qilgan “Xotin-qizlar o‘rtasida ishlash to‘g‘risida” rezolyusiyadan so‘ng boshlandi.
Ayollarni ijtimoiylarshtirish uchun “turmushning qora chohi” – uy ishlaridan yulib olish uchun sharoit yaratish lozim edi. Matbuotda bu haqda o‘nlab maqolalarda jar solindi: “...hozirgi chiqarib turgan shiorlarimiz hammasi jamiyatning yarmini tashkil etgan xotin-qizlarni 100% ijtimoiy ishga hamda sosializm qurilishi ishiga tortuv. V.K.P. (b) Markazqomining bir qarori borkim... bu qarorning ma’nosi shundaki, qachonkim xotin-qizlar unumsiz mehnatdan, bola boqish va umuman uy xizmatlaridan ozod qilinsa, shu vaqtda unumli suratda ijtimoiy ishlarga hamda jamiyatning ishlab chiqarish ishlariga ishtirok eta oladi”.
Yana bir maqolada bu sharoitlar nimadan iboratligi yoziladi. “Firqamiz o‘zining prog‘rammasig‘a: “Firqa xotunlarning huquqlarini rasmiy suratdagina tekislash bilan kifoyalanmasdan eskirgan uy ro‘zg‘ori o‘rniga kommunal uylari, jamoat oshxonalari, markaziy kir yuvadurg‘on korxonalar, go‘daklar uylari va boshqalarni tashkil qilish yo‘li bilan uy ro‘zg‘orining og‘ir tizmasidan qutqorishg‘a urinadi” degan so‘zlarni o‘qiymiz.
Shu tariqa, ayollardan ishchi kuchi sifatida foydalanish eng muhim masalalardan biriga aylandi.
“Mamlakatning iqtisodiy jihatdan ko‘tarilishi, qishloq ro‘zg‘orining kuchayishi, ekan maydonining kengayishi, paxtachiliq, ipakchilik ishlarining, sutchilik ro‘zg‘orining va shahar sanoatining ilgarilashi bularning hammasi yangidan qo‘shimcha ishchi qo‘llarni talab qiladir. Xotunlar eng zarur bo‘lg‘on ishchi kuchi bo‘lib chiqadir”.
Turkiston tarixida xotin-qizlar masalasiga bo‘lgan munosabat tahlili shuni ko‘rsatadiki, ayollar huquqi hech qachon faqat insonparvarlik yoki tenglik g‘oyalari doirasida shakllanmagan. U turli davrlarda siyosiy, iqtisodiy va mafkuraviy manfaatlar bilan chambarchas bog‘liq holda rivojlangan murakkab ijtimoiy hodisa bo‘lgan.
Chor hukumati davrida ayollar masalasi mustamlakachilik siyosatining bir qismi sifatida qo‘llanilib, mahalliy jamiyatga ta’sir o‘tkazish va uni ichidan o‘zgartirish vositasiga aylantirildi. Sovet hokimiyati davrida esa “ozodlik” va “tenglik” shiorlari ortida ayollarni davlat mafkurasi va iqtisodiy tizimiga jalb etish, ularni oilaviy muhitdan ajratish, ishchi kuchi sifatida safarbar qilish maqsadlari ustuvor bo‘ldi. Bu jarayonlarda ayollar siyosiy loyihalarning ob’yekti sifatida namoyon bo‘ldi.
Ayni vaqtda, jamiyat ichidagi konservativ qarashlar va xurofiy talqinlar ham ayollarning huquqiy, ijtimoiy maqomini cheklashga xizmat qildi. Natijada ayollar masalasi ikki qarama-qarshi kuch — instrumentallashtirish va uni bo‘g‘ish o‘rtasida qolib ketdi.
Jadid ziyolilari esa bu murakkab sharoitda ayollar masalasiga nisbatan nisbatan muvozanatli va ma’rifatparvar yondashuvni ilgari surdi. Ular ayollarning ta’lim olishi, huquqiy ongi oshishi va jamiyat hayotida faol ishtirokini millat taraqqiyotining ajralmas sharti sifatida baholadi. Biroq tarixiy sharoit va siyosiy bosimlar tufayli bu g‘oyalar to‘liq amalga oshmay qoldi.
Shu tariqa, Turkiston misolida ayollar huquqi masalasi faqat ijtimoiy tenglik muammosi emas, balki hokimiyat, mafkura va jamiyat o‘rtasidagi murakkab munosabatlar ifodasi sifatida namoyon bo‘ladi. Bu tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, ayollar huquqini haqiqiy ta’minlash faqat tashqi siyosiy yoki mafkuraviy tashabbuslar orqali emas, balki jamiyatning o‘zida shakllangan ong, ma’rifat va adolatli munosabatlar orqali amalga oshishi mumkin.
Gʻoya va vizual konsepsiya muallifi: Iroda Nasimova
Matn muallifi: Nilufar Namozova
Multimedia dizayni: Gulnoza Najmiddinova, Iroda Nasimova
Arxiv hujjatlari bilan ishlash va restavratsiya: Aziza Jaloliddinova
Ovoz (audio-hikoya): Iroda Nasimova



